Azimov Abduvahob
Quick Facts
Biography
Abduvahob Azimov (1897.7.9 – Andijon – 1964.1.2) – aktyor va rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti (1939). Hamza bilan birga Andijon teatrini tashkil qilishda qatnashgan. Truppaning tashkiliy davrida Hamzaning "Boy ila xizmatchi", "Farg‘ona fojiasi" spektakllarida rejissyorlik va aktyorlik qilgan. Andijon teatrida aktyor, rejissyor (1919–34, 1939, 1946–58), Hamza teatrida aktyor (1934–35), Olmaota uyg‘ur musiqali drama teatrida (1936–38), Andijon musiqali drama teatrida (1942–46) badiiy rahbar. Azimov yaratgan Solihboy (Hamza, "Boy ila xizmatchi"), tabib (F. Zafariy, "Halima"), Majididdin (Uyg‘un, I. Sulton, "Alisher Navoiy") va boshqa obrazlari alohida ajralib turadi. A. hajviy harakterli rollarni zo‘r mahorat bilan o‘ynagan. Mubolag‘a, mimika va sahna nutqi vositalaridan ustalik bilan foydalangan. rejissyor sifatida "Tohir va Zuhra" (Sobir Abdulla, 1941), "Nurxon" (Komil Yashin, 1942) kabi asarlarni sahnalashtirgan. A.ning Namangan va O‘sh teatrlarini, Andijon uyg‘ur teatrini tashkil etishda ham hissasi bor. U Toshkentdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrining tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.