Rumil Vildanov
Quick Facts
Biography
Vildanov Rumil Jiangirovich (1939.24.11, Bishkek -1987.18.2, Moskva, Toshkentda dafn etilgan) — kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1977). Toshkent konservatoriyasini (1962, kompozitsiya boʻyicha) bitirgan. 1962—68 y.lari va 1982 y.dan Toshkent konservatoriyasida oʻqituvchi. 4 simfoniya (1962, 1967, 1968, 1971), 2 fortepiano (1965, 1968) va skripka (1968) konsertlari, oratoriya, kantata, simfonik poema, torli kvartet va b. kamer asarlar, xor, romans va qoʻshiqlar muallifi. 1970-y.lardan asosan kinomusiqa bilan shugʻullangan. 100 dan ortiq badiiy, hujjatli, multiplikatsion va telefilmlarga musiqa yozgan. Muqimiy teatrida "Oʻn ikkinchi kecha", (Shekspir asari asosida, 1971), "Andro va Sandro" (T. Xugayev asari asosida, 1975) musiqali komediyalari, Navoiy teatrida "Notanish ayol", "Zaharlangan hayot", "Elegiya" bir aktli baletlari sahnalashtirilgan (1980). Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1983).
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil