Kamiy
Quick Facts
Biography
Kamiy (taxallusi; asl ismsharifi Karimbek Sharifbek oʻgʻli) (1864— Toshkent – 1923) – oʻzbek shoiri, maʼrifatparvar. Toshkentdagi „Beklarbegi“ madrasasida oʻqigan (1880 y.dan). 1916 y. gacha shu madrasada mudarris. 1890 y.lardan shoir sifatida tanilgan, bayozlar tuzgan. Sidqiy Xondayliqiy, Hislat, Miskin, Tavallo kabi koʻpgina shoirlar K.ning shogirdlaridan boʻlgan. Oktyabr toʻntarishidan keyin „Turon“ kutubxonasida, savodsizlikni tugatish kurslarida ishlagan. K. mumtoz sheʼriyatning koʻpgina janr va mavzularida ijod qilgan. Muqimiy, Furqat bilan yaqin aloqada boʻlgan, mushoiralar qilgan. K. ijodi murakkab, dunyoqarashi ziddiyatli. Koʻpchilik sheʼrlarida xalqni maʼrifatli boʻlishga daʼvat etgan („Temir yoʻl xususida“, „Dilki millat gʻamida qon oʻldi…“, "Soldi beilmlik xatolargʻa va b.). 19-asr oxiri, 20-asr boshlarida Toshkentda nashr etilgan bayozlarning deyarli hammasida K. sheʼrlari uchraydi. Ijodidan namunalar „Turkiston viloyatining gazeti“ va b. vaqtli matbuotda eʼlon qilingan.
Manbalar
- Tanlangan asarlar, T., 1966.
Adabiyot
- Oʻzbek adabiyoti [4 jildli], 1-kitob, T., I960; Jalolov A., Oʻzbek maʼrifatparvar-demokratik adabiyoti, T., 1978.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil